Dahshat! Bir necha kundirki uy qidiryapman, lekin barcha urinishlarim mutlaqo befoyda! Smithtown'da xona ijaraga olish uchun umuman variant yo'q! Umuman hech narsa yo'q, faqat kvartira yoki uy bo'lsa, bu esa, tushunarli, men uchun juda qimmat. Rich bilan yashash ham jonimga tegdi, uning oilasini, o'zini ham noqulay ahvolga solib qo'yayapman... Rostini aytsam, bu amerikaliklar shunchalik mehribonki, hammasi joyida, xohlaganingcha yasha deyishadi. Rich menga kamida keyingi seshanbagacha uning uyida qolishim mumkinligini aytdi. Lekin menda imkon qadar tezroq ko'chib ketish istagi bor.
Kuni kecha qo'shni Port Jeff shaharchasida topgan eng arzon uyimizni ko'rgani bordik, oyiga 475$. Bu uy temir yo'l bekatiga yaqin joylashgan, shuning uchun ishga poyezdda qatnashim mumkin, chunki mening kafem Smithtown bekatining yonida joylashgan. Lekin bu uy - shunchaki dahshat. Agar narxi bunchalik arzon bo'lmaganida, balki rozi bo'lardim. Eshikni to'q sariq rangli uzun kiyim kiygan bir kishi ochdi. Bizni hovli orqali qandaydir tushunarsiz binoga olib kirdi va xonani ko'rsatdi. Mebelsiz, bitta komod bor, deraza yarimta taxta bilan qoplangan va poyezdlar o'tayotgani juda yaxshi eshitiladi. Bu uyning g'alati egasi esa buddist rohib bo'lib chiqdi) U, prinsipial jihatdan, karavot berishi mumkinligini aytdi. Lekin Rich bilan biz bu variantni boshqa hech narsa topa olmasak, eng oxirgi chora sifatida qoldirdik.
Bugun yana bir joyni ko'rgani bordik, u yerda bir mehribon buvijon xona ijaraga berar ekan. Lekin men uchun biroz qimmat, oyiga 540$. Qolaversa, xona 2 kishilik, lekin agar xonadosh paydo bo'lsa, to'lov o'sha-o'sha qoladi.
Ertaga yana bir joyga boramiz. Amerikada uy topish qiyin emas deyishgandi, la'nati... Hamma joyda qandayligini bilmayman-u, lekin mening shaharcham va uning atrofida topish qiyinroq ekan. Aslida, Richning uyida unga xalaqit bermaslik uchun istalgan joyga ko'chib ketishga tayyorman. Bunday yashay olmayman.
Rich esa haqiqatan ham buyuk inson. Men umuman hech narsa qilmayapman, u hamma narsani o'zi hal qiladi - odamlarga qo'ng'iroq qiladi, kelishadi, meni ishga olib boradi va olib keladi, ovqatlantiradi. Ustiga-ustak, uning uyida tekinga yashayapman.

