25-avgustdagi xat.
Jo'natuvchi: Anastasiya Lebedeva, Dallas aeroporti, Texas
Qabul qiluvchi: Yulya Keda, Qozog'iston
Hola! Xatingni olganimdan juda xursand bo'ldim. Bizni unutmay, bunchalik mazmunli xatlar yozayotganing juda yaxshi. Endi yangiliklarga o'tsam.
Bir oy ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi, mana sayohatimiz ham boshlandi! Senga Texasning Dallas aeroportidan yozyapman. Samolyot endigina qo'ndi. Norani kutyapmiz – u bilan Couchsurfing orqali tanishganmiz. Xatingda Dallasda G'arbiy Nil isitmasi tarqalgani haqida o'qib, internetdan dahshatli raqamlarni topdik – qancha odam o'limga olib keluvchi chivin chaqishidan zararlangan. Ishda ham hamma bizga: u yerga nima uchun ketyapsizlar? Kerak emas! – deb aytishdi. Lekin maqsad vositalarni oqlaydi.
Aytgancha, Amazon'dan barcha posilkalarni oldik, shuning uchun sovg'alarni kut!
Daytona Beach'ni tark etish bunchalik g'amgin bo'lishini o'ylamagandim. Men nafaqat amerikalik do'stlarimni, balki birga ishlagan Rossiya va Moldovadan kelgan talabalarni ham sog'inaman. Uchib ketishdan oldingi oxirgi kechada okean sohilida yig'ildik, pitsa buyurtma qildik va o'tib ketgan yoz taassurotlari bilan o'rtoqlashdik. Darrov bizning o'tirishlarimiz va sening mazali pitsang esimga tushdi!
Mayli, bu g'amginlikni hozircha chetga surib turaman, chunki oldinda The Big Trip turibdi! Daytona'dagi do'stlarimiz hozirgina u yerda bo'ron boshlangani haqida yozishdi – o'z vaqtida uchib ketibmiz!
Nega birinchi to'xtash joyi sifatida Texasni tanlaganimiz haqidagi savolingga javob berib, sir pardasini ochaman. Bir-ikki kundan keyin biz konsertga boramiz............................................... Linkin Park!
Chester, Mayk va jamoasi, kutinglar! Qotil chivinlar ham bizni to'xtata olmaydi!
Linkin Park chiqishga tayyorlanayotgan bir paytda, men o'zimizning ulkan rejalarimiz haqida yozaman. Samolyot va avtobus chiptalarining hammasi allaqachon sotib olingan, shuning uchun hammasi zo'r bo'ladi deb o'ylayman. Dallasdan keyin Luizianadagi Yangi Orleanga, keyin esa Arizonadagi Flagstaffga boramiz – u yerdan Katta Kanyonning sharqiy qismi bo'ylab tur buyurtma qilganmiz. Keyingi bekat – San-Fransisko va oxirida – Nyu-York. Har bir shaharda uch kundan bo'lamiz, Nyu-Yorkka to'rt kun ajratdik.
Zerikma! Tez orada ko'rishguncha!

