2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng amerikaliklar uchun xavfsizlik birinchi o'rindagi qadriyatga aylandi. Shuning uchun ham bu yerda tekshiruv juda qattiq o'tkaziladi. Qo'limizga hujjatlarimizni olib kiramiz, qolgan barcha narsalarni tashqarida qoldiramiz. Hatto uyali telefonni ham olish mumkin emas. Elchixona ostonasini hatlagan lahzadan boshlab Qozog'iston Respublikasi qonunlarining ustunligi to'xtab, Amerika Qo'shma Shtatlari qonunlari hukmronlik qiladi. Nazorat postidan o'tib, ichki hovliga yo'l olganim zahoti, boyagi sovuq qotishim, titrashim, vizadan xavotirlanib hayajonlanishim, barchasi bir zumda bosilib, o'zimni qulay his qila boshladim. Elchixona hovlisiga kirgan zahoti kunning sovuqligi ham yo'qolgandek bo'ldi. Mana, mo'jiza! Nega ekanini bilmayman, o'zimni shunday xavfsiz his qildim. Ortimdan quvib kelayotgan «Baskervil» itidan qochib, uyga kirib ulgurgan odamning holiga tushdim. Artur Konan Doylning «Sherlok Xolmsi» esingizdalarmi...? O'sha yerda bir maxluq it bor edi-ku...
Shunday qilib, ko'tarinki kayfiyat bilan intervyu bo'ladigan bino eshigiga qo'l uzatdim. Hovlidagi qulaylik va tartibga qurilgan atmosfera binoning ichida ham ko'zga tashlanadi. Eshik qo'riqlayotgan xushmuomala ofitser ichkariga kirgan talabalarga nima qilish kerakligini ko'rsatib, ko'rsatma berib turibdi. Kirib kelgan zahoti u menga ham bosh irg'ab salomlashdi va o'ng tarafdagi oynani ko'rsatdi. U yerdan ba'zi kerakli qog'ozlarni olgach, keyingi oynaga barmoq izlarini topshirishga o'tdim. Hammasi tugagach, kutish zaliga kelib joylashdim. Ichkarida o'tirganlarning ko'pchiligi tanish, o'zimizning Aqtobening qiz-yigitlari. Orasida notanish talabalar ham bor. Talabalar birin-ketin javob berib chiqib ketishmoqda. Hozircha hech kim yiqilmagan shekilli. O'ng tarafimga qarasam, ko'zlaridan chaqmoq chaqnab, biz bilan birga kelgan Baqitova Simbat o'tirgan ekan. Yuzida hech qanday sarosima sezilmaydi. Shunday vazmin, shunday mag'rur! Yuziga bir qaragandayoq ko'zlari gapira boshlaydi: «Shu ham qiyinchilik bo'libdimi? Hozir o'tamiz. Har kuni gaplashib yurgan ingliz tili-ku...». Men uning ko'zlaridan buni tushungandek bo'ldim. Ha, uning ko'zlaridan oshiqcha vazminlik va yuksak ishonchning, hamda ezgu umidning cho'g'larini ko'rgandek bo'ldim. Uning ko'zlari menga «Sen nega qo'rqib turibsan? Unda nega kelding? Uyingda tinch yotmaysanmi?» deb turgandek. Vazmin qizning so'zlari ham salmoqli chiqdi:
-
Salom Simbat!
-
Salom. Qalaysan?
-
Yaxshi. O'zing qalaysan? Tayyormisan?
-
Ha, yaxshi. Sen-chi?
-
Tayyormiz-ku, - deb qisqa qilib javob qaytardim. «Ha, rostdan ham men nimadan qo'rqaman? Menga chekinishga yo'l yo'q. O'tgan yili bora olmay qoldim. Bu menga berilgan oxirgi imkoniyat. Bu yil borib kelmasam, kelasi yili o'qishni bitiraman. Keyin hech qachon bora olmasligim mumkin. Nima bo'lsa ham bugun qanday bo'lmasin o'tishim kerak!» - shunday qilib men o'z o'ylarim bilan olishib o'tirganimda navbat Simbatga ham yetdi. Ism-sharifini eshitishi bilan o'rnidan turib, vazmin holatini saqlagan holda o'zini chaqirgan oynaning oldiga ham yetdi. Zalning ichi tinch bo'lsa-da, quloq og'irligi sababli nima so'rayotganini ham aniq eshita olmadim. Bir daqiqaga yetar-yetmas vaqt ichida vazmin holat bilan borgan chaqqon qiz quvnoq holati bilan ortga qaytdi. Taq-taq etib, konsulning og'zidagi so'zini yulib olib, tezda javob berib turgan «Extra-chaqqon» qizga kimning aytar qanday tanqidi bo'lishi mumkin...? Keldi, tarsillatib javob berdi-da, ketdi. Savolni tushundingmi, o'ylanib turishning keragi yo'q. Tegishli javobini tezroq aytib qutul. O'ylanib, vaqtni cho'zib turaversang, konsulning ham savollari ko'payib ketaveradi.
Simbat – vizani munosib olishi kerak bo'lgan odamning eng yaxshi namunasini ko'rsatdi. Maksimal javob, minimum time! Ha, aytmoqchi, u o'tgan yili (2013) biz bilan birga hujjat topshirib, bora olmay qolgan 15 aqtobelik talabaning biri edi...
Ha, o'tgan yil deb qo'yibman, o'tgan yili Aqtobedagi Akeak-ka (Aktobe Educational Advising Center) bir necha odam bo'lib hujjat topshirgan edik. Ostonaga intervyuga boramiz deb poyezdga olgan chiptalarimizni ikki marta keyinga surib, uchinchi marta topshirib qo'ya qoldik. Nima bo'lganini tushuna olmadik. O'ylarimiz har yoqqa yugurdi. O'sha payt Bostonda aka-uka Tsarnayevlarning portlash uyushtirgan davri bilan to'g'ri keldi. «Portlashdan keyin Work and Travel-ni yopib tashlabdi» yoki «Unga qozog'istonliklarni qabul qilmaydi ekan» degan gap-so'zlar ham chiqa boshladi. Bizga hech narsa deyishmasdi. Shaharda qulay ofisi bor markaz barcha ishlarni o'zi bajarardi. Biz faqat qo'l qo'y degan qog'oziga qo'l qo'yib, to'la degan pulini to'lardik. Boshqasini o'zlari bajarishardi. Bizni 1-iyungacha umidlantirib ushlab turishdi. Keyin esa necha xil mayda so'z bilan uzr so'rab yozgan xatlarini oldik... Boshqalarga qanday ta'sir qilganini bilmayman, o'sha xat menda jirkanish uyg'otdi. Rus tili bunchalik jirkanch bo'ladi deb o'ylamagandim.
Bu yili Amerikaga boraman deb el-yurtga jar solib, hatto imtihonlarimning ham barchasini oldindan topshirib tashlagan menga bu xuddi boshimga chaqmoq tushgandek ta'sir qildi. Oldimdan chiqqan, meni taniydigan ikki odamdan biri menga: «Sen Amerikaga ketaman demaganmiding?» degan savolni qo'yardi. Unday paytda qanday oqlanishni ham bilmasdim. «Bizni vizaga yubormay tashladi», «Bizni markaz aldab ketdi», «Bir tushunmovchilik bo'ldi» - shu kabi «yolg'on o'rnidagi» haqiqatning qaysi birini olsak ham mantiqsiz edi. Ularni tuzib aytish ham qiyin. So'ragan har bir odamga qizil kengerak bo'lib to'liq mohiyatini bayon qilasan-u, ular bunga ishonsa yaxshi. Tashqi ko'zga so'zingga ishongandek bo'lsa-da, 80-90 foizining ichida ishonchsizlik, shubha, gumon, ustidan kulish kabi narsalar ketadi. Eng qiyini o'zing uchun shubhasiz haqiqat bo'lib sanaladigan narsaga o'zgalarning ko'zini yetkaza olmasliging ekan. Undan ham qiyini o'z og'zingdan haqiqatni eshitib ketgan odamlarning, o'z jonidan so'z qo'shib, haqiqatning tonini teskari aylantirib kiydirishi. Meni taniydigan muhitda meni «vizadan yiqitdi», «U Amerikaga qayerdan borsin?» degan kabi qanquli gaplar qalqib yurdi. Mening vizaga yetmay turib yiqilganimni qayerdan tushunsin u faqirlar...? Men bilan birga bora olmay qolgan boshqa talabalar bilan ham shunday bo'lgan bo'lsa kerak balki...? «Yiqildim» deyman-u, mening qanday aybim bor edi bu yerda? Bu olib bora olmay qolgan markazning aybi emasmi...?
Qiz-yigitlarni birin-ketin qator-qator turgan oynalarga chaqirib yotishibdi. Barchasi ham quvnoq qaytib yotishibdi, chamasi hali hech kimga «o'tkaz» yo'q shekilli. Ha, bo'lmay-oq tursin!
U paytda men «InterExchange» degan eng yaxshi agentlik borligini ham bilmasdim. Akeakning bunday muvaffaqiyatsizlikka uchrashini, «InterExchange» degan agentlik borligini bilganimda hech o'ylanmasdan hujjatimni shu yerga topshirardim... Xo'sh! Xush, deylik. Bo'lar ish bo'ldi. Buyurmay turgan Amerika chiqib qoldi. Endigi masala - pulimizni qanday qaytarib olamiz? Amerikaga olib boramiz deb talabalar va ota-onalarni aldab ketgan firibgar agentliklarning ishlari haqida matbuotdan ham o'qiganman, uzunquloqdan ham eshitardim. Shunday bo'lsa-da, Akeak ham, undan yuqorida turgan tashkilotlar ham (Rossiyaning Penza shahrida joylashgan «Prosto-Tur» degan sayyohlik agentligi bo'lishi kerak adashmasam) bir necha marta yozilgan guruhli shikoyat xatlaridan keyin, uyib-to'kib bergan va'dalari va o'rinsiz-o'rinsiz sirg'atib bahonalarini keyin 6-7 oy cho'zib, to'lagan pullarimizni zo'rg'a qaytardi-ov! Mening esa bor umidim suvga cho'kib, «American Dream» bo'lib uyda yotgan holimni hech kimga bermasin!
Kelasi yili Qozog'istondagi eng yaxshi agentlik «InterExchange»-ga hujjatlarimizni topshirib, barcha qog'ozlar bo'yicha o'zimiz yugurganimizda, o'tgan yili nega bora olmay qolganimizni tushundim. Buning hech qanday qolipdan tashqari sababi yo'q ekan. Mening tushunchamcha ular bizga «Job offer» topib bera olmagan. So'nggi paytda ishlarimizni qayta-qayta o'zgartirib sirg'atib yuraverdi-ku, baribir! Amerikada tayyor ishimiz bo'lmasa, konsullikka vizadan o'tishga yuborishning qanday ma'nosi bor? Lekin bu mening shaxsiy fikrim. Bu yerda men bilmayman, boshqa qanday haqiqat borligini bilmayman, balki hech qachon bila olmasman. O'z haqiqatim o'zimga qimmat!
Kutish zaliga men bilan qatorlashib kelgan qiz-yigitlarning ham qatori siyrak, o'rinlarini notanish talabalar to'ldira boshladi.
- «Oralbek Otegulov»! Navbat menga ham kelgan shekilli...




