29 aprel, 2014-yil. Kunduzgi soat 11-lar atrofida. Ostona. Amerika konsulligi. Qozoqlar va amerikaliklar o'rtasidagi muloqot davom etmoqda. Ular o'zaro yaxshi til topishayotganga o'xshaydi. Barcha talabalar xursand bo'lib chiqishmoqda. Men esa bu yerdan qanday chiqib ketar ekanman...? Qiziq savol...
Bir necha daqiqa oldin quloq og'irligi sababli savolni noto'g'ri eshitib, noto'g'ri javob berib qo'yishdan qo'rqib turgan menga, bir necha soniya oldin aytib yuborgan yolg'onim tashvish bo'ldi. Bizning miyamizga singdirilgan vizaga o'tishning uchinchi qoidasiga ko'ra: «Konsulni hech qachon aldash mumkin emas». Lekin mening bu qoidani buzishimga to'g'ri kelib qoldi. Endi uni konsul sezib qolmasa edi...
Mendan suhbat olib o'tirgan yigit ham o'zim kabi ko'zoynak taqqan. «Balki ko'zoynaklini ko'zoynakli yiqitmay o'tkazib yuborar» degan o'y ham keldi boshimga. Shundan so'ng o'zim ham bir kuni shunday xizmatda o'tirarman deb o'yladim. Diplomatik xodim bo'lish menga avvaldan ham yoqardi. Buning uchun eng avvalo til o'rganish kerak edi. Shu maqsad bilan ham maktabni tugatmasdan 9-sinfni bitira solib, ingliz tilini qaytadan boshidan o'rganish uchun kollejga tortdim. Mening bu qarorim ko'pchilik odamlarga tepalaridan chaqmoq tushgandek ta'sir qildi. Meni kelajakda tarix fanining o'qituvchisi bo'ladi deb hisoblab yurgan ko'pchilik, avvaliga hazil deb qabul qilsa, so'ngra mening tanlovimni tushuna olmay boshlari qotdi. «Ingliz tilidan hech narsa tushunmaydigan bola ingliz tili o'qituvchisi bo'laman deydimi? Nima degan kulgili holat. Ertaga 1-2 oydan keyin o'qiy olmay qaytib keladi-ku...» - mana, o'sha paytda ko'pchilik odamlar men haqimda shunday o'ylashdi. Buning sirini o'zimdan boshqa hech kim bilmasdi. Shu vaqtgacha hech kim bilmay kelgan katta sirni oradan 7 yil o'tgach sizlarga ochib o'tiribman. «Bo'la olsam diplomat bo'larman, bo'la olmasam o'qituvchi yoki tarjimon bo'larman. Qanday bo'lganda ham til bilgan odam yerda qolmaydi-ku!» - shu maqsad bilan ingliz tilini tanladim va bu yo'lning to'g'riligiga ko'zim yetdi.
Mening diplomatiyaga, ham siyosatga bo'lgan qiziqishimni oshirgan yana bir narsa – Qosim-Jo'mart To'qayevning «Belasu» nomli mehnati bo'ldi. 2011-yilda bolalar dam olish lagerida tarbiyachi bo'lib ishlab, birinchi maoshimga shu kitobni sotib olganman. Juda ajoyib kitob, lekin u kishining buni o'zi yozganiga ishonish qiyinroq. Balki o'zi yozsa, o'zi yozgandir. Qanday bo'lganda ham taniqli yozuvchining bolasi-ku. Shu kitobida Qosim-Jo'mart bir vaqtlar Sovet Ittifoqining Singapurdagi elchixonasida ishlaganini yozadi. U kishi ham hozir mening oldimda turgan amerikalik kabi viza berish masalalari bilan shug'ullangan ekan. Bir kuni viza olishga kelgan bir kishiga (unutmasam Avstraliya fuqarosi bo'lishi kerak) hazillashib qulog'iga ruscha bir narsani aytib yuboribdi. Chamasi To'qayevni mahalliy singapurlik odam deb o'ylasa kerak, uning ruscha gapirib yuborganidan haligi odam cho'chib ketibdi. Qalin oynaning narigi tomonida turgan amerikalik konsulga qarab shu voqeani esga oldim. «Mana bu kishi ham menga bir narsa deb hazillashib yubormasmikan...? Amerikaliklar hazilga yaqin-ku...» Shunday har narsani bir o'ylab turganimda suhbat oluvchi keyingi savolini ham qo'yib ulgurdi. Qaysarlik qilib, bu savoli bir necha soniya oldin men yolg'on javob berib yuborgan savolning davomi bo'lib chiqsa:
-
Can you cook «Beshbarmak»?
-
Yes, of course! – bu savolga ham javobning qanday avtomatik tarzda og'zimdan chiqib ketganini anglamay qoldim. Oh, mon Dieu! Endi «Beshbarmak» qanday qilinadi deb so'rab qolsa nima deyman? Men uning qanday qilinishini qayerdan bilay? Umrimda qilib ko'rmagan narsam. Mayli, go'sht, xamir va kartoshkani qo'shib pishiradi deb aytib solarman, lekin qilinish jarayonini so'rab qolsa nima deb javob beraman? Birinchi nimani soladi, ikkinchi nimani solishini qayerdan bilay...? Shu aldaganim ham yetar! Bundan buyon konsulni alday olmayman. Shu bilan ikkinchi marta yolg'on gapirdim. «Meni yiqitishi aniq. Bo'ldi endi, orzuying bilan xayrlashaver! – Qo'y, yo'q, to'xta! Hali hech narsa ma'lum emas-ku!» - Men o'z o'yim bilan olishib turdim. Konsul hatto mening yuzimga ham qaramadi. Oldiga kelgan zahoti bir ko'z tashladi, so'ngra «In America?» deb o'ziga qaytara savol qo'yganda bir qaradi, bo'ldi. Barcha savollarini pastga qarab o'tirib, qog'ozlarini varaqlay o'tirib qo'ydi. Bir kompyuterga qaraydi, bir qog'ozlariga. Qarshisida turgan menga qaramaydi. Qaramasa qaramay qo'ya qolsin! Yolg'on gapirib, qizarib ketgan yuzimni ko'rmay qo'ya qolsin! Shunday qilib u oldida yotgan mening talabalik sinov daftarchamni varaqlay o'tirib keyingi savolini qo'ydi:
-
Are you good student? - Men savolni eshitmadim:
-
Sorry?
-
Are you good student? - Baribir eshita olmadim:
-
I’m sorry, but I didn’t catch you...
-
A R E Y O U G O O D S T U D E N T? – deb menga achchiqlanib qarab, ovozini ko'tarib yubordi. O'sha paytda borib eshitdim:
-
Ah, yes! – Men sarosimaga tushib qoldim. Beshbarmak haqida so'rab qolmasa ekan deb yuragim siqilib turgan menga bu savol ko'nglimni joyiga tushirgandek bo'lib edi, lekin u ham uzoqqa cho'zilmadi. Sinov daftarchamdagi bir xil a'lo va yaxshi baholarim orasidagi nemis tilidan olib yurgan yagona uchlik bahomni ko'rib qolmasa edi deb qaytadan bezovtalandim. Sababi pastga qarab o'tirganligi uchun dastlab aytib yuborgan ikki yolg'onimni anglamasligi ham mumkin, lekin qo'lida turgan talabalik sinov daftarchamdan nemis tilidan olgan yagona uchimni ko'rsa, mening aldayotganim aniq bo'ladi-ku. Sinov daftarchasi bir xil uchlikka to'la bir tanishimga ham bir konsul shu savolni qo'yibdi. U ham «Yes» deb javob berib yuboribdi. Bunga achchiqlangan konsul yolg'on gapirgan tanishimga qaratib «zachotka»sini ochib turib, «Are you good student?» deb sinov daftarchasini turtib turib, yolg'on gapirib turganini yuziga solib, yaxshilab urishibdi. Shundan so'ng haligi tanishim «otkaz» oldi. Agar yagona uchimni payqab qolsa, menga ham shunday qilmasligiga hech qanday kafolat yo'q. Shunday bo'lsa-da, umidni bekorga uzish kerak emas. Sinov daftarchamni konsul shoshilib bir varaqladi-da, yopa soldi... Oldida yotgan pamfletni oldi-da, menga qaratib ushladi:
-
Did you read this pamphlet?
-
Yes, I did.
-
Do you know your rights?
-
Yes, I do.
Konsul pamfletni qaytadan stolining ustiga qo'ya soldi-da, mening pasportimning ichiga och-qizil rangli bir yaproq qog'ozni solib, hujjatimni o'zimga qarab sirg'atib yubordi:
-
You need new photo?
-
Sorry?
-
You need new photo, – Hech narsa tushunsam buyurmasin! Raqami beshinchi qoida: pasportingni qaytarib bersa, unda uni birdan «otkaz» deb tushunaver. Men sekin-asta qo'limni cho'zib, hujjatimni qo'limga oldim. Demak, u mening o'zini aldayotganimni sezib qolgan ekan-da... Bo'lmasa nega «otkaz» berishi kerak? Savollarining barchasiga javob berdim-ku... Raqami oltinchi qoida: «Konsuldan «otkaz» oldingmi, indamay hujjatingni ol-da, chiqib ket. Konsulga hech qanday savol qo'yishga yoki u yerda shovqin-suron ko'tarishga mumkin emas. Konsul mustaqil qaror qabul qiladi. Kimga viza berib, kimga bermaslik kerakligini u o'zi hal qiladi. Uning qaroriga hech kim hech narsa deya olmaydi». Men hujjatimni qo'limda ushlagan kuyi robotlar singari orqaga bir qadam chekindim-da, chapga qarab burildim. Burilsam, haligacha zaldagi tinchlik va tartibni kuzatib turgan oltin sochli oq-sariq qiz menga qarab ruschasini burqiratib kelayotgan ekan. Men uning nima deganini uqa olmadim. Bu lahzada menda qabul qilish-javob berish reflekslari o'chib qolgan edi. Men faqat u kishining lablari qimirlab menga so'z aytayotganini ko'ra oldim. Chamasi u kishi mendan nima bo'lganini so'rayotgan bo'lsa kerak.
-
You need new photo, - dedim. Shu so'zni aytgunimcha u kishi mening qo'limdagi hujjatimni ham olib ulgurdi, ichidagi och-qizil qog'ozni ham ko'rib ulgurdi.
-
Boring, tushib keling unda qaytadan suratga!
-
A..?
-
Borib suratga tushib, qaytadan shu yerga olib keling! Siz o'tdingiz, xavotir olmang, - bu kishi Juldiz Yelyubayeva xonim edi. Men u kishini birinchi marta ko'rishim. Men u kishini yosh, ham shunchalik go'zal bo'ladi deb o'ylamagan ekanman...
Men ortga qarab burildim-da, hech narsaga qaramasdan tortib o'tirdim. Chiqib borayotganimda ichkarida o'tirganlarning biri menga bir narsa degan singari bo'ldi, lekin hech narsa uqa olmadim. Bor o'yim faqat tezroq postga yetib sumkamni, sumkamning ichidagi uyali telefonimni olib, maslahat so'rash uchun Oqto'bedagi koordinatorimga telefon qilish. Oldi-ortimga qaramay tezlatib tashqariga qarab intildim. Men bilan birga o'zimizning universitetning ikkinchi kursida o'qiydigan tarjimon Darig'a Rabayeva ham chiqdi. Ikki yildan beri doimo bir-birimizni ko'rib yursak-da, menga bir og'iz til qotmagan qiz bu safar meni ortimdan savollari bilan o'qqa tutib kelmoqda. Men tezlatib, ham qisqacha tarzda javob berib kelayotgan bo'lsam, uning savollari takrorlanib kela boshladi. «Mana bu qizning aql-hushi joyidami? Yoki meni mazax qilib kelayotganmikan?» - deb o'ylasam, u bechoramiz qozoq tilini umuman tushunmaydi ekan. O, sho'rlik! Qozoq tilini tushunmaydigan yana bir mangurt qozoq! Men uning savollariga javob berishni to'xtatdim. Savollariga javob ololmagach, u savollarini endi ingliz tilida qo'ya boshladi. Inglizcha qo'ygan 2-3 savoliga javob bergunimcha postga ham yetib keldik. Qo'riqchidan sumkamni oldim-da, oldi-ortimga qaramay tashqariga chiqib ketdim. Telefonimni qo'limga ola solib koordinatorimga telefon qildim:
-
Allo, Kira. Salom. Menga «You need new photo» deb hujjatimni qaytarib berdi. Endi nima qilaman?
-
Boshqa hech narsa demadimi?
-
Yo'q.
-
Qanday rangli qog'oz berdi?
-
Och-qizil. Menga qaytadan suratga tushib olib kelib ber deydi...
-
Unda menga nimaga qo'ng'iroq qilib turibsan? Bor, qaytadan tush-da, olib borib ber.
Men chapga burildim-da, fotosalon izlab to'g'ri tortib ketaverdim. Konsullikning tashqarisida ichkarida qolganlarini kutib turgan oqto'belik qiz-yigitlarning biri mening ismimni aytgandek bo'ldi. Lekin bu menga xayoliy ovozlar singari ko'rindi. Oldinga qarab yurib kelyapman, yurib kelyapman. Oldimdan esgan shamol meni itarib yiqitadigandek. Oqimga qarshi suzgan irland arqon balig'i singari shamolga qarshi yurib kelyapman. Birda avliyo Patrik yeydigan ovqat topa olmay, abdan och qolib daryoning yoniga kelib o'tiribdi. Buni ko'rgan bir arqon baliq suvdan chiqib, avliyoga o'zini yeyishni taklif qilibdi. Avliyo Patrik baliqni yeb omon qolibdi. Shundan so'ng u arqon baliqqa oqimga qarshi suzadigan qobiliyat hadya qilibdi... Ko'zimga hech qanday fotosalon ilinar emas. Atrofda bir xil oynalari qop-qorong'i yugurgan mashinalar va yurib yotgan qurilish. Yo'l so'rayin desam oldimdan birorta ham tirik jon uchraydigan emas. Yurib kelyapman, yurib kelyapman. Atrofda mendan boshqa tirik jon ko'rinmaydi. Bu nima shunda, Ostona arvohlarning shahrimi? Odamlari qayerga ketgan? Yoki barchasi mashina minib, piyoda yuradigan odam qolmaganmi? Yo'nalishi yo'q, betal-qula suzgan kema singari yurib kelyapman, yurib kelyapman. Bir vaqtda aytaylik bir odam uchradi-yu! Yo'l so'rasam u kishi hech narsa ham bilmaydi ekan. Yurib kelayotganimga ham bir oz vaqt bo'ldi, sovuqni ham sezadigan emasman. Atrofim to'la faqat dekorativgina ma'nosi bor bir xil suvenir binolar. Dekorativ shahar! Har bir qozoqning cho'ntagiga tushishi kerak bo'lgan mablag' shu binolarga ketib yotibdi-yu! Qirvar mablag'ni toshga emas, xalqqa solsa, xalq qanday o'rkashar edi... Demak, bu Ostonada har bir qozoqning ulushi bor. Misrning essiz fir'avnlari biridan so'ng birini, bir-biri bilan raqobatlashib piramidalar qurdi. Eldagi barcha mablag'ni shunga uyib to'kdi. Mablag' bitib, qurilish yakunlanmay qolgach och-yalang'och o'tirgan bechora xalqni tekin ishga haydadi. Natijasida gullagan qadimiy Misr sivilizatsiyasi quladi, piramidalar o'rnida qoldi. Endi ularga boshqa odamlar egalik qilmoqda. Suvni toshning ustiga quysak, tosh tozalanib yaltiraydi, lekin u hech qimilsiz yotaveradi. O'tning ustiga quysak, u yayrab o'sadi. Bizga shu nima muhim? Yaltiragan toshmi, yayragan ko'kmi..?
Qayerda kelayotganimni bilmayman, Ostonada adashib ketdim. Bir odam bir yo'nalishga ishora qildi, ikkinchi odam ikkinchi yo'nalishga ishora qildi. Harli-berli sandallab yurdim-da qo'ydim. Yo'tal qisib, qizishim ham ko'tarila boshladi. Adashib yurib Milliy kutubxonaning ham yoniga kelib qolibman. Bunday ensali binoda kutubxonamiz bo'lsa yaxshi-ku. Lekin shu kutubxonaga chiqadigan zinaning qulab, tushib yotgan yopishtirma ko'k toshini ko'rganda ko'nglim qaytadan tushib ketdi. Kutubxonaga yetmay yotib, qulab yotgan toshlariga surinib qulab, peshonamizni yorsak, kutubxonaga qanday yetamiz? Ichidagi asil xazina kitoblarni qanday o'qiymiz...? Binoning yangidan qurilgani ko'rinib turibdi. Al shu yangi binoning qurilmay yotib o'zagi so'kilib yotgan bo'lsa nima chora? Yevropaning qal'a-castle-lari asrlar davomida bir toshi ham muqallamay asqab turibdi. Ostonani shimolga ko'chirganimiz strategik jihatdan olganda to'g'ri qaror bo'ldi. Shunday bo'lsa-da, olam mamlakatlari 70-80 yilda quradigan poytaxtni biz 15 yilda qurib bitirdik. Shuncha qayerga shoshdik? Sifati qanday bo'lmoq uning...?
Adashib-adashib yurib aytaylik bir fotosalonni topdim. Qaytadan suratga tushib, yurgan yo'llarim bilan ortga qarab qaytadan adashib yurib Amerika elchixonasining yoniga yetdim. Juldiz xonimga telefon qilsam, u kishi ofisga ketib qolibdi. Endi o'ng qirg'oqdagi «InterExchange»ning ofisini qanday topaman? Oldimdan uchragan bir rus ayolga: «How can I go to Kazhymukhan 22?» desam, u menga «Tushunmadim» deydi. Erksiz kulib yubordim. So'ngra men unga qozoqcha gapirdim. U menga qanday yetib borish kerakligini tushuntirdi. «Oqto'bening ruslarini boshini kesib olsang ham qozoqcha gapirtira olmaysan. Bilib tursa ham ataylab gapirmaydi. Bu yoqning ruslari yaxshi ekan, qozoqcha gapira oladi» deb haligi ayolga rozi bo'ldim. Shunday qilib qayta tushgan suratni ofisga olib borsam u surat ham yaroqsiz bo'lib chiqdi. Men dastlabki suratning sifati yomon bo'lib, shu uchun qabul qilmagan chiqdi desam, bor balo «ochki»da ekan. Ko'zoynak bilan tushgan surat vizaga yaroqsiz. Men buni qayerdan bilay...? Shunday qilib menga suratga qaytadan, ko'zoynaksiz tushishga to'g'ri keldi. Abroy bo'lganda ofisning yonida fotosalon bor ekan. Suratga qaytadan tushib olib borib berdim. Ertasiga Oqto'bega qaytib ketdim. 18-may kuni viza qo'yilgan pasportlarimizni qo'llarimizga oldik. Shu paytda borib vizadan o'tganimga aniq ko'zim yetdi...




