Viza olgandan keyin yengillik his qilasiz va nimalarni olish, nimadan voz kechish haqida o'ylay boshlaysiz. Amerikadagi ilk kunlaringizni tasavvur qilib, o'sha mashhur 'chamadon kayfiyati' paydo bo'ladi. Men ham pasportimni olib, barcha imtihonlarni topshirgach, chamadonimni yig'ib, yozgi ta'tilim sari yo'l oldim.
Do'stlarim bilan Vena orqali uchdik. Nyu-Yorkka yetib olish oson bo'lmadi, yo'l jami 15-16 soat davom etdi. Nyu-Yorkka qo'nganimizda okean ortiga o'tganimga va butun yoz davomida oilamdan uzoqda, notanish muhitda yashashimga ishongim kelmasdi. Baxtimning cheki yo'q edi, his-tuyg'ularim jo'sh urardi. Dunyoning eng ko'p tashrif buyuriladigan joylaridan biri bo'lgan Times Square'ga yetib borganimizda, do'stlarim bilan og'zimiz ochilib qolgan edi.
Afsuski, shaharni aylanishga vaqtimiz bo'lmadi, chunki shahrimizga chiptalarni oldindan olib qo'ygandik. Barcha do'stlarimiz o'z shaharlariga tarqalishdi, biz esa dugonam bilan qoldik. Ish taklifimiz (job offer) Viskonsin shtatining janubiy-markaziy qismida joylashgan Wisconsin Dells shahriga edi.
Chiptalarni hammaga ma'lum Greyhound avtobusiga oldik, 25 soat yo'l yurishimiz va besh marta transfer qilishimiz kerak edi. Albatta, ko'pchilik samolyotda uchish osonroq bo'lardi deydi, balki shundaydir, lekin uchishdan oldin ko'plab izohlarni o'qib, 15-25 soatlik avtobus safarlari haqida dahshatli hikoyalarni eshitgandim. Men ham sarguzashtli yo'l bosib, bu safar umrbod yodimda qolishini istadim. Shunday ham bo'ldi, yo'l juda uzoq davom etdi. Yaxshiyamki, avtobusda Wi-Fi va rozetkalar bor edi, avtobuslar juda qulay, lekin bitta kamchiligi — ular juda sovuq. Umuman olganda, Amerikadagi barcha transport turlarida (samolyot, poyezd, avtobus) juda sovuq, ayniqsa kechasi. Shuning uchun maslahatim: agar avtobusda borishga qaror qilsangiz, o'zingiz bilan ko'proq issiq kiyim, undan ham yaxshisi, qulaygina pled (yopinchiq) oling.








