7-bob: Cherkovdagi o'g'rilik.
Rehoboth Beachni amerikaliklar "Amerikaning yozgi poytaxti" deb atashadi. Bunday nomlanishining sababi shundaki, bu yerga dam olish uchun asosan Vashingtonliklar kelishadi. Shahar aholisi mehribon va xushchaqchaq. Bu yerda cherkovlarning birlashgan assotsiatsiyasi faoliyat yuritadi. Ular chet eldan kelgan xalqaro talabalar uchun bepul velosiped va bepul ovqat bilan ta'minlaydilar. Bu saxovat har yili 27-maydan 2-sentabrgacha davom etadi. Shunga ko'ra, bu shaharga dunyoning turli burchaklaridan talabalar ham ko'p keladi. Dastlab tarqatilgan bepul velosipedlar keyinchalik tugab qoldi.
Men Rehoboth Beachga 27-may kuni keldim. O'sha kuni "Epworth United Methodist" cherkovi kechki ovqat bergan ekan, lekin men unga ulgurmadim. Bu yerda cherkovlar nafaqat bepul ovqat va velosiped, balki yotoq joyi, hatto ba'zilari ish topishga ham yordam berishadi.
Shaharga yetib kelgan kunim qimmat mehmonxonada bir tun qolib, ishga borsam, u yerdan ham ko'ngil quvontiradigan yangilik eshitmadim. Bizga "Job offer" sotgan odam bir odamning ishini ikki kishiga sotgan. "Ikkovingizga 20/20 soatdan 40 soatni bo'lib beramiz. Shuning uchun o'zingizga boshqa ish izlayvering" deydi. Mening vazifam oshxona yordamchisi edi. Ochig'ini aytay, borganimdan so'ng ish beruvchi greklar meni yoqtirishmadi. Ish ham menga yoqmadi. Issiq narsalar, o'tkir pichoqlar, istalgan vaqtda jarohat olib qolishingiz juda mumkin edi. Unga qo'shimcha tez ishla, tez ishla deb odamni qiynashadi. Aynan shu yerda men bir sirni ochib ketay: bu ko'plab ish joylariga xos holat. Chunki bu yerda maosh soatbay to'lanadi. Shuning uchun ham ishni tezroq qildirib olib, ishchilarini uylariga qaytarib yuborish amerikalik ish beruvchilarga foydali. Ishni tezroq qilib tugatsang, maqtay-maqtay uyingga qaytarib yuborishga shoshilishadi. Natijada ko'plab odamlar ishni sifatsiz bajarishadi. Mening do'stim Akbar ishning hammasini tez bajaradi, lekin sifati ko'ngilni to'ldirmaydi. Men ishni sekin bajarayotgan bo'lsam, Akbar hammasini tez bajaradi deb maqtashadi, lekin noto'g'ri yuvilgan idishlarni ko'rganda hammasini shoshilib bajaradi, to'g'ri bajarmaydi deb so'kishadi. Men bo'lsam har qanday ishni sinchkovlik bilan bajaraman. Buning evaziga bu ko'p vaqtni oladi. Natijada men doimo "Juda sekin ishlayapsan" degan tanbeh olish bilan bo'ldim. Albatta, mening ham Akbar kabi chala-chulpa bajarib qo'yishim mumkin edi, lekin bu menga foydasiz. Birinchidan, ishni tez bajarganda jarohat olib qolish xavfi yuqorilaydi. Ikkinchidan, charchab qolasan. Uchinchidan, soating ham kam bo'ladi. O'zingga tegishli ishni qilib bo'lgandan so'ng maqtay-maqtay uyingga qaytarib yuborishadi. Soating kam bo'lgandan so'ng maoshing ham kam bo'ladi. Bu yerdagi tushuncha esa "Vaqt - bu pul!". Shu sababli ham men ishda ataylab vaqtni cho'zib yurardim. Keyin mehmonxonada birga ishlagan bolgar qiz-yigitlar ham menga tezroq tugatsang-chi deb urishishardi. O'zlari hammasini tez-tez bajarishadi-da, uyga kelib sigaretlarini tutatib o'tirishardi. Shundan so'ng har ikki haftada maosh chekini olganda "oyligimiz kam" deb bir-biriga o'z tillarida dardlarini aytib o'tirishardi. Men esa ataylab vaqtni cho'zib yuradigan odamning evaziga ulardan biroz ko'proq olardim. Bu harakatim grek boshliqlarimga yoqmadi. Shunday bo'lsa-da, greklar tez harakatlanadigan xalq-ku. 27 yoshli Ayrin va uning otasi 65 yoshli Jorj Vrentzoslar juda tez harakatlanishadi.
Avliyo Edmond katolik cherkoviga borganimda menga bepul velosiped ham taklif qilishgan, lekin men velosiped hayday olmaydigan bo'lganim uchun olmaganman.
Amerikaga yetib kelgandan so'ng shoshilinch hal qilinishi kerak bo'lgan masalalardan biri SEVISga ro'yxatdan o'tish va u yerdagi maqomimiz "Active" bo'lgandan keyin yaqin atrofdagi Social Security Officega borib, Social Security Card yasatishga ariza berish. Ko'plab talabalar SEVISdagi maqomlari "Active" bo'lmay turib ariza berib, Social Security Cardlarini biroz vaqtgacha ololmay yurishadi. Bu Amerikada juda muhim hujjat. Bu bo'lmasa ikkinchi ish topa olmaysan!
Ijaradagi uy masalasini hal qilgandan so'ng menga Social Security Cardga ariza berish masalasi qoldi. 29-may kuni Lyuteran cherkovida tanishgan Justina degan litvalik qiz bilan birga qo'shni shaharda joylashgan ofisga borishga kelishdik. Shunday qilib, avval ikkalamiz chiqib edik, yo'ldan bizga bir talay odam qo'shildi. Bu 3-iyun, seshanba kuni edi. Bu kuni kechki ovqatni "Epworth United Methodist Church" cherkovi beradi. Social Security Cardga ariza berib qaytib kelayotganimizda bizga yo'ldan qo'shilgan Elzar Isayev ismli qirg'iz yigiti cherkovga kirishdan bosh tortdi. Men uni zo'rg'a ko'ndirib cherkovga olib kelsam, u cherkovning koridoridan ortiga qaytib ketibdi. Keyin uni ko'chada uchratganimda nima uchun bunday qilganini so'rasam, uning bergan javobiga o'zim hayron qoldim. Cherkovlarga kirganda resepshnda bir necha odam turadi. Ular kelgan talabalardan o'sha yerda daraxtga o'rnatilgan dunyoning siyosiy xaritasidan o'zi kelgan joyni belgilashni so'rashadi. Men ham Qozog'istondan, Aqto'bedan keldim deb, ignani xaritaga sanchaman. Shunday ignaning birini qirg'iz yigitiga berganimizda u xaritadan o'z yurtini topa olmabdi. O'sha cherkovda osilgan xaritada Qirg'iziston va Tojikiston Xitoy tarkibida belgilangan ekan. Elzarning aytgan so'ziga ishonmay, keyingi safar borganimda ataylab o'sha xaritani qarasam, Qirg'iziston va Tojikiston Xitoy bilan, Gruziya Rossiya bilan birlashib ketgan, Hindiston va Pokiston o'rtasida nizo bo'lgan Kashmir hududi esa mustaqil davlat sifatida ko'rsatilgan ekan. Bunga hayron qolgan men o'sha yerdagi cherkov xodimlaridan so'rasam, ularning hech qaysisi buni tushuntira olmadi. Albatta, xaritani yasagan bular emas-ku. Xaritani sotib olgan ham, ilib qo'ygan. Chamasi xarita Xitoyda yasalgan bo'lsa kerak....
Bu cherkov xalqaro talabalar uchun ovqatni haftasiga ikki marta beradi. Har seshanba kuni kechki ovqat va har yakshanba kuni tushlik. Yakshanba kuni ishdan ertaroq chiqib, navbatdagi marta shu cherkovga tushlik qilishga kelganman. Ichkarida talabalar ko'p, cherkov ichi tiqilinch. Ovqatimni olib, endi stolga o'tirmoqchi bo'lganimda, katta stolning menga qarama-qarshi tomonida o'tirgan bir qiz yig'lab o'tiribdi. Pastor boshchiligidagi bir guruh odam uni ovutish bilan ovora. Nima bo'lganini tushuna olmadim. Qarasam, boyagina u qizning sumkasi o'g'irlanib ketibdi, cherkovning ichida! Ha, cherkovning ichida!
Keyin u qizni ko'chada uchratib, vaziyatni so'raganimda, kimdir uning sumkasini o'g'irlab, ichidagi pulini olibdi-da, bo'sh sumkani cherkov oldidagi axlat qutisiga tashlab ketibdi. "Juda ko'p pulim ketdi" deydi o'g'irlangan sumkaning egasi – rossiyalik qiz Olesya Yegorova. Bu 2014-yilning 8-iyuni edi...


