AQShga yetib kelganimizdan so‘ng, darhol Atlantika okeani sohilida, Nyu-Jersi shtatining janubi-sharqida joylashgan kichik Wildwood shaharchasiga yo‘l oldik, u yerda pitseriyada ishlash uchun job offer bor edi. Shaharcha o‘zining tozaligi va go‘zalligi bilan bizni darhol hayratda qoldirdi. Hammasi xuddi kinodagidek, rasmlardagidek va biz tasavvur qilganimizdek edi. Odamlar tabassum qilib, bizga do‘stona qo‘l silkitishar, hol-ahvol so‘rashar edi – umuman olganda, o‘z yurtimizda ko‘pincha yetishmaydigan do‘stona munosabatni namoyish etishardi.
Joylashib olganimizdan so‘ng, birinchi bo‘lib okean tomon yugurdik. Bu tasavvur qilib bo‘lmas holat edi: 10 yildan keyin yana Atlantika okeanida oyoqlarimni ho‘llab, o‘zimni mutlaqo baxtli his qildim! Okean bilan birinchi marta uchrashgan dugonamning ilhomga to‘la ko‘zlarini hech qachon unutmayman.
Pitseriyada bizni juda yaxshi, do‘stona kutib olishdi, chunki bu restoran menejerlari turli mamlakatlardan kelgan xalqaro talabalar bilan ishlash tajribasiga ega edilar va barcha qiyinchiliklarda bizga yordam berishga harakat qilishardi. Ishlash oson emas edi, lekin ayni paytda juda qiziqarli edi. Men ilgari bunchalik ko‘p xorijlik yigit-qizlar bilan uchrashmagan edim, shuning uchun ulardan o‘z mamlakatlaridagi hayot, madaniyat, an’analar va nima uchun ular ham men kabi yozni Shtatlarda o‘tkazishga qaror qilganlari haqida qiziqib so‘rardim. Axir, bu haqda kitoblarda o‘qish va ko‘rsatuvlarda ko‘rish bir narsa, o‘z qulog‘ing bilan eshitish esa butunlay boshqa narsa. Men Qozog‘iston, Turkiya, Chexiya, Yamayka, Rossiya, Ukraina, Irlandiya, Polsha, Amerika, Ozarbayjon va boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelgan juda ko‘p talabalar bilan tanishdim. Ishdagi kamdan-kam bo‘ladigan tanaffus paytida amerikalik talaba bilan bo‘lgan suhbatni yaxshi eslayman, u ko‘zlarida hayrat va quvonch bilan boshqa qit’adan, go‘yoki boshqa dunyodan kelgan inson bilan muloqot qilish, bir-birini tushunish, intilish va qiziqishlarimiz qanchalik o‘xshashligini anglash qanchalik ajoyib ekanligini aytgan edi.
Katta Amerika shahriga qilingan eng birinchi sayohatimiz Atlantik-Siti bo‘ldi – o‘zining hashamatli kazinolari, boardwalk va qumli plyaji, baland binolari va son-sanoqsiz brend do‘konlari bilan, bu shaxsan men uchun, qiz bola sifatida, boshimni aylantirib yubordi. Atlantik-Siti bizga eng yaqin shahar bo‘lgani uchun, ishdan bo‘sh kunlarimizda do‘stlarimiz bilan tez-tez u yerga borib turardik.




