Men va K Qozog'istondan AQShga uchgan ilk qaldirg'ochlar edik. Bu mening hayotimdagi eng uzoq parvoz bo'ldi va men biroz charchadim. Shtatimga yetib kelganimda, birinchi taassurotim K ikkalamiz "cheksiz ko'prik" deb atagan joy bo'ldi. Hech qayerga olib bormaydigan ko'prik. Biz quruvchilarning bu ko'prik bo'yicha qandaydir rejasi bo'lgan deb o'yladik. Ammo aftidan, nimadir o'xshamadi va "cheksiz ko'prik" tugallanmay qoldi. Biz uchun u noto'g'ri emasdi, aksincha, u suv va quyosh jilolarini kuzatish uchun boradigan joyimizga aylandi. Men u yerda birinchi marta quyosh botishini ko'rdim, u juda nafis va maftunkor edi. Bir lahzaga oq, keyin pushti, binafsha va to'q binafsha rangda tovlanadigan suv. Quyosh go'yo ufqni quchoqlab, uyquga ketadi. Uning o'rnini esa oy va yulduzlar egallaydi, biz ularni bemalol ko'ra olamiz, chunki bu katta megapolis emas. Men shahrimizni yaxshi ko'rib qoldim, u kichik va shinam. Men o'zgacha aurani his qildim: insonni hidi ajratib turgandek, shaharni ham o'ziga xos aurasi ajratib turadi.
Eng ko'p hayron qoldirgan narsa shundaki, odamlar tabassum qilishadi. Biz notanishlar bilan salomlashib, ob-havo va yangiliklar haqida gaplashardik. Dastlab bu menga juda g'alati tuyuldi, lekin keyinchalik bu odatiy holga aylandi. Men amerikaliklar biz uchun juda hissiyotli va ekssentrik ekanligini payqadim. Biroq ular uchun bunda g'ayritabiiy narsa yo'q, ular shunchaki har bir insonni shaxs sifatida qabul qilishadi. Agar unga ko'k soch yoqsa, eng muhimi, u o'ziga yoqadi va u o'zini qulay his qiladi. Shahrimiz Ocean City deb ataladi. Bu Atlantika okeani bo'yidagi kichik kurort shaharcha. Amerikaliklar bu yerga dam olish uchun kelishadi va shahar yoz kelishi bilan ham to'g'ridan-to'g'ri, ham ko'chma ma'noda erib, jonlanadi.


