Ocean Cityda men birinchi marta Atlantika okeani bilan tanishdim. Bu tanishuv juda shiddatli bo'ldi va menga okean meni yoqtirib qolgandek tuyuldi. To'lqinlarning balandligi va kuchidan uzoq vaqt oyoqda tura olmadim. Men delfinlarni ko'rishni kutgandim, lekin ularning dushmanlariga duch kelishimni sira xayolimga keltirmagandim. Atlantika okeanida cho'milayotganimda akulaga duch keldim. Avvaliga qirg'oqda turgan dugonamning qichqirig'ini eshitdim, keyin esa yelkamda dum zarbasini his qildim. Men vahima qilmadim, ko'proq shok holatida edim. O'sha lahzada hamma narsa sekinlashtirilgan kadrdek tuyuldi va men tezda o'zimni to'plab, qirg'oqqa suzdim. Xudoga shukur, suvdan sog-salomat chiqib oldim. Men akula bilan «yuzma-yuz» uchrashishni sira kutmagandim. Hammasi yaxshi yakunlandi, lekin baribir ehtiyot bo'ling. Demak, Amerikada shunday tajribaga ham ega bo'ldim. Okeanda akula bilan uchrashuvga bemalol belgi qo'yishim mumkin. Hayotim uchun bitta uchrashuv yetarli va ortiqcha.
Men amerikaliklar va turli mamlakatlardan kelgan dastur ishtirokchilari bilan do'stlashdim. Biz o'z an'analarimiz va madaniyatimiz haqidagi bilimlarimiz bilan o'rtoqlashdik, do'stlarimiz esa o'zlarinikini ulashishdi. Bu madaniy almashinuv edi. Chet elda vaqt haqiqatan ham boshqacha o'tadi. Bu yerda qarindoshlarimiz, do'stlarimiz yoki odatiy narsalar yo'q. Yaqinlashib, do'st orttirganda, ba'zilarini go'yo juda uzoq vaqtdan beri taniydigandek tuyuladi. Men «Ocean Side» pitseriyasidagi jamoamni juda yaxshi ko'rib qoldim. Bizda doimo do'stona muhit hukm surardi, boshlig'imiz Jenett esa bizni o'z oilasidek ko'rishini aytardi.

