Amerika sarguzashtlari hech qachon tugamaydi va u hech kimni zeriktirmaydi. U yerga borganimdan ko'p o'tmay o'zimga yangi do'st topdim. U qirg'iz yigiti Elzar Isayev edi. Men uni avvaliga qozoq deb o'ylagan edim, qarasam qirg'iz ekan. Uning ko'p o'qishi, har tomonlama xabardorligi ko'rinib turardi, lekin dezinformatsiya uning ongini butunlay zaharlab tashlagan. Men unga qozoqcha gapirsam, u menga qirg'izcha gapirardi. Bir-birimizni 70-80 foiz tushunamiz, tushunmay qolgan joyimiz bo'lsa, u ruscha, men esa inglizcha aytardim. Shundan so'ng men qozoq xalqi va qirg'iz xalqi o'rtasida sezilarli farq yo'qligiga amin bo'ldim. Maymun va odamning ham o'xshashligi 99 foiz, farqi atigi 1 foiz ekan. Shu bir foizning o'zi maymunni odamga aylantira olmaydi. Xuddi shunday, ikki xalq o'rtasidagi ozgina farq ham qirg'izni hech qachon qozoq qila olmaydi. Qozoq bilan qirg'iz hech qachon bir bayroq ostida bo'lmagan. Balki 1-2 asr bir bayroq ostida yashaganda farq kattalashmas edi. Buning ustiga, hozirgi Qirg'izistonda juda xavfli mafkuraviy jarayon ketmoqda. Qirg'iz tarixchilari va mafkurachilari yo populizm uchunmi, yo davlat buyurtmasi shunaqami, har qalay xayollariga nima kelsa, shuni yozaverishadi. Elzarning so'zidan tushunganim, u yerda qozoqqa qarshi mafkura shakllanib kelayotganga o'xshaydi. Ularning fikricha, yer yuzidagi hamma narsa qirg'izdan tarqalgan emish. Qirg'izlar qadimdan kelayotgan millat, ular turkiy qabilalarga ham kirmas emish. Faqat o'sha paytdagi qirg'izlar turklarning tobeligini qabul qilib qo'ygan emish. Elzarning aytishicha, bizning oxirgi xonimiz Kenesari qirg'izlarni bosib olishga kelgan emish. Qirg'izlar Kenesaridan yurtlarini himoya qilib, shu uchun uni o'ldirgan emish. Bu qanday dahshatli dezinformatsiya?! Bir qancha mavzularda tortishib ham qoldik. Davlat darajasida bunday mafkura davom etaveradigan bo'lsa, qo'shni davlat o'z xalqini o'zi zombilashtirib yuborishi hech gap emas. Buning oxiri fashizmga olib kelishi juda ehtimol. Ba'zilar o'ylashi mumkin, kichkinagina Qirg'iziston bizga nima qila oladi deb. O'z vaqtida 5 millionga yetmaydigan aholisi bor kichkinagina Finlyandiya 140 million aholisi bor Sovet Ittifoqiga kuchli qarshilik ko'rsatib, qarshi turganini hisobga olsak, bunga befarq qarab bo'lmaydi. Shuning uchun kelajakda mamlakatimizga qirg'izlardan ham xavf tug'ilishi juda mumkin.
Gapdan gap chiqib, o'sha Elzar bilan keyin bir joyda birga ishladik. Bir kuni tun yarmida ishdan qaytayotganimizda ko'chada binolarni suratga olib, o'zlaricha xursand bo'lib yurgan ikki qizni ko'rdik. Men darrov bular qozoq qizlar-ku dedim. Elzar ishonmaydi. Shunday yaqinlashib borsak, rostdan ham qozoqlar ekan. Bittasi olmatilik Aysulu, ikkinchisi kerekulik Anastasiya Gluxareva. Qo'shni Nyu-Jersi shtatidagi Uayldvud shahrida ishlaydigan qizlar bir kunlik dam olishlaridan foydalanib Delaverga sayohatga chiqishibdi. To'rtalamiz mening uyimning yonida turadigan 24 soat ishlaydigan kafega borib, tong otguncha o'tirdik. Shundan keyin Atlant okeanining qirg'og'iga borib, tong otishini kutib olishga qaror qildik. Okean ustidan ko'tarilgan tong shafag'i rostdan ham o'zgacha go'zal bo'lar ekan. Men hayotimda birinchi marta tong otishini kutib oldim. Bu 2014-yilning 23-iyulida otgan tong edi...

