Bizning ish bo'yicha oxirgi kunimiz 15-sentabr edi, ammo yaqinlashib kelayotgan «Florens» to'foni tufayli ko'plab dam oluvchilar ketib qolishdi va mehmonxonada ish qolmadi. Xavfli zonada yashovchi barchaga hududni tark etish qat'iy tavsiya qilindi, ammo biz, haqiqiy ruslar kabi, sharbat va shirinliklar sotib olib, televizor qarshisida to'fonni kutib o'tirdik (maktabdagi xavfsizlik o'qituvchim buni bilsa, yuragi xuruj qilgan bo'lardi). Ammo to'fon bizgacha yetib kelmadi, oxirgi ish kunimizda shunchaki ishga borib, menejerlarimiz va butun yoz davomida birga ishlagan yigitlar bilan xayrlashdik.
Virjiniya-Bichdagi qolgan ikki kunimizda biz sohil bo'ylab sayr qildik, qahva ichdik va shunchaki lahzadan zavqlandik.
17-sana kechqurun biz sayohatimizni boshladik.
Virjiniya-Bich - Orlando - Mayami - Nyu-York.
Biz besh kishi edik, mashinada yo'lga chiqdik. Shunday bo'ldiki, hech kimimiz Shimoliy va Janubiy Karolinadagi to'fonni hisobga olgan holda marshrut tuzmagan ekanmiz. Asosiy yo'l va boshqa ba'zi yo'llar yopildi, kuchli yog'ingarchilik tufayli ular ayrim joylarda suv ostida qolgan edi.
Taxminan 20 soat davomida biz ochiq yo'l izlab ilon izi bo'lib yurdik, vaqti-vaqti bilan GPS'dan «piiip, piip, zudlik bilan bu hududni tark eting, bir necha soatdan keyin bu yer suv ostida qoladi!» degan xabarlarni oldik. Qo'rqinchli edi, zapravkalarda benzin yo'q edi, biz yo'l so'ragan amerikaliklar bizga yaqin atrofdagi mehmonxonada bir necha kun kutib turishni maslahat berishdi, ammo ichimizdagi rus ruhi yana dedi: «Siz nima deyapsiz, bizni Orlando kutmoqda, hamma yoq suv ostida qolgani va yo'llar yopilgani uchun mehmonxonada o'tira olmaymiz!». Va nihoyat, charchagan va uyqusiragan holda Orlandoga yetib keldik va mehmonxonaga joylashdik.
Sizga zo'r layfxak: agar biz kabi mehmonxonada ishlagan bo'lsangiz, menejeringizdan korporativ chegirma so'rang, bu sizga ancha pul tejashga yordam beradi.
Ikkinchi kuni biz Universal Studios'ga bordik. Bu ajoyib attraksionlar, butun muhit, dekoratsiyalar... shunchaki bolalik orzusining ro'yobi. Park hammaga yoqadi: ham men kabi fantastik filmlar ishqibozlariga, ham dugonam kabi fantastikani unchalik yoqtirmaydiganlarga. Kun oxiriga kelib navbatlar yo'q edi, biz biroz charchadik, lekin baribir attraksionlarda ikkinchi, ba'zilarida esa uchinchi marta uchdik.


