Hayotimizdagi ba'zi qarorlar vaqt o'tishi bilan bizni afsuslantirishi mumkin, ammo insonni hech qachon afsuslantirmaydigan bir narsa bor, bu - sayohat. Sayohat qilish uchun yig'ib-tergan pulingiz va oltindek qimmatli vaqtingizni sarflasangiz ham, ortiqcha bo'lmaydi. Dunyo-mulkni hayotning har bir bosqichida topishingiz mumkin, ammo yoshlikning jo'shqin davrida o'tkazilgan o'zgacha lahzalar oltindan ham qimmatroqdir. El kezib, yer ko'rish hayotning yorqin tomonlarini ko'rsatadi va ko'plab kitoblar hamda universitetlar bera olmaydigan bebaho bilimlar bilan dunyoqarashingizni kengaytiradi. Qarigan chog'imda o'tgan hayotimga faqat havas bilan qarab, yosh-u qariyalarga chin dildan hikoya qilib berishim uchun orzuimdagi hayotga ilk qadamni aynan hozir boshlashim kerak deb o'ylayman.
Ko'plab mamlakatlarga sayohat qilgan odamlar haqida eshitib-ko'rib yursam ham, har bir insonning sayohat qilish uchun cheksiz imkoniyati borligini Turkiyaga ilk bor qadam qo'ygan lahzada tushundim. Film va seriallarda ko'rib o'rgangan go'zal tabiatni o'z ko'zim bilan ko'rganimda, sayohat hayotimning bir bo'lagi ekanligiga amin bo'ldim. Turkiyaning 5 yulduzli mehmonxonasida ishlash jarayonida yangi madaniyatni his qildim. Ilgari mehmonxona sohasida ishlamaganim va turk tilini o'rta darajada bilsam ham, o'zimga ishonchsiz holda ishga kirishgan edim. Har doim ish boshlanishidan oldin hayajonlanardim. Bir kuni menga restoran ichida mas'uliyatli ish topshirildi va:
-Qancha vaqt kerak?- deb so'rashdi.
-30 daqiqa,- deb javob berdim va ishga kirishdim. Barcha mas'uliyatni o'z zimmamga olganim uchun ishni puxta bajarishga harakat qildim. Yarim soatdan keyin shef kelib, ishimdan xato topa olmadi. Shundan so'ng:
-Afferin (barakalla),- dedi.
Aynan shu lahzada qalbimga ishonch o'rnashdi. Shunday qilib, vaqt o'tishi bilan restoran sheflari va yonimdagi hamkasblarimdan faqat iliq so'zlar eshita boshladim. Ishni yaxshi bajarishimni aytib, men bilan birga ishlashga oshiqadigan darajaga yetishdi. Shunday qilib, Turkiya menga ishonch hadya etdi va men o'z qobiliyatimni baholashni o'rgandim.
Boshqa mamlakatga sayohat qilib borish bizni baxtga to'ldiradi, ammo o'sha mamlakatda bir necha oy yashab, o'zga millat vakillari bilan bir joyda ovqatlanib, birga quvonib, birga qayg'urib, sirlashgan lahzalarni hech narsa bilan almashtirib bo'lmaydi. Aynan shunday lahzada qaysi millat bo'lishimizdan qat'i nazar, barchamiz yer planetasida yashaydigan “inson” degan mavjudot ekanligimiz yana yodga tushadi. Bunday hislardan keyin men «sayohat qilish uchun berilgan har bir imkoniyatdan foydalanishim kerak» degan qarorga keldim.
Hozirgi kunda talabalarga berilayotgan o'zgacha imkoniyatlardan biri - Work and Travel dasturidir. Bir necha yil oldin chet elga chiqish, ishlash, sayohat qilish kabi masalalar imkonsizdek tuyulardi, lekin hozirgi kunda har bir inson moddiy ahvolidan qat'i nazar, o'z hayotini bunday dasturlar tufayli o'zgartira oladi, rivojlana oladi va sayohat qila oladi. Yoshlarning ongini uyg'otibgina qolmay, sayohatning muhimligini ko'rsatib, katta mablag' topishga yordam beradi. Dastur tufayli har yili ko'plab talabalar Nyu-York ko'chalarini kezib, Gollivud kinolarida ko'rgan tarixiy joylarda o'z izlarini qoldirib, o'zgacha his bilan yurtga qaytmoqdalar. Dastur orqali men ham o'z oldimga qo'ygan bir nechta orzu-maqsadlarimni haqiqatga aylantirishni ko'zlayman.
Albatta, Amerikani ko'rish kimning bo'lmasin orzusi, men ham bu yilgi maqsadlarim ro'yxatiga buni qo'shib qo'ygan edim. Qiyinchilik va qo'rquvsiz muvaffaqiyat kelmasligi ma'lum, ish jarayonida ham turli muammolar yuzaga kelishi mumkin, ammo uydan eng birinchi uzoqlashganimda, Astanaga vahima bilan o'qishga ketganimda, Turkiyaga tavakkal qilib ketgan lahzalarimda ham ichimdagi bir kuch meni har doim oldinga itargan edi. Aynan hozirgi lahzada ham Amerikadek ulkan mamlakatda ishlab-sayohat qilishga tayyor ekanligimni his qilaman. Ingliz tilida aholi bilan gaplashib, o'zga millat vakillari bilan tanishib, miyamdagi ba'zi stereotiplarni yo'qotmoqchiman. O'z muhitimni kengaytirib, yangi do'stlar topib, turli odamlar bilan muloqot qilishni istayman. O'zga yurtni tanib-bilibgina qolmay, yurtimizning go'zal tabiati, mehmondo'stligi va mazali taomlari bilan bo'lishib, “Qozog'iston” degan mamlakat haqida tushuncha shakllantirishga bor kuchimni sarflashni rejalashtiraman. Mutaxassisligim turizm bo'lgani uchun, o'zga yurtning yaxshi tomonini o'rganib, yangi g'oyalarga yo'l ochish men uchun juda muhim hisoblanadi. Okean oshib, ishlab, dunyoqarashimni kengaytirib, kelajakda o'z yurtimni gullatmoqchiman. O'z singillarim va do'stlarimga o'rnak bo'lib, maqsadimga yetishni ko'zlayman.
Qo'yin daftarimda yozilgan bu yilgi muhim maqsadlarimdan biri - ota-onamga chet elda dam olish tashkil etish, aniqrog'i, tarixga to'la Istanbulga sayohat qilishlariga sababchi bo'lish edi. Shu kungacha men uchun to'kkan terlari va oqargan sochlarini qo'yib turganda, menga sarflagan mablag'lari bilan butun dunyoni kezib chiqishlari mumkin edi, albatta. Ammo o'zining emas, bolasining g'amini ko'p o'ylaydigan ota-onamni halol topgan daromadim bilan chet elga chiqarib, yuzlariga tabassum ulashsam deyman. Ya'ni, Work and Travel dasturida ishtirok etishimning keyingi sababi, aynan shu bolalik orzuim bilan bevosita bog'liq.
Shunday qilib, talabalarning hayotga bo'lgan qiziqishini uyg'otib, har tomonlama maqsadlarini bajarishga sababchi bo'lib, kamida dastlabki katta daromadini topishga yordam beradigan Work and Travel dasturining kelajagi porloq deb o'ylayman. Dastur har yili Amerika orzusiga emas, maqsadiga aylangan yoshlar sonini ko'paytirayotganiga ishonchim komil. Vaqt o'tishi bilan bu imkoniyat faqat talabalarga emas, turli yoshdagi odamlarga ham berilsa deyman. Chet el ko'rgan, o'zini har tomonlama rivojlantirgan, ingliz tilida erkin gaplashadigan, bilimli insonlar soni ko'paysa, bu butun dunyo uchun katta yutuq bo'lar edi. Mening fikrimcha, yurakdagi orzuni, kundalikdagi maqsadni, daftardagi rejani haqiqatga aylantiradigan lahza keldi! Bu yo'lga birga otlanaylik, tengdoshim!

