Hozir va kelajakda
Yigirma birinchi asr butun insoniyat uchun eng ajoyib imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu sayohatlar, texnologiyalar va uzluksiz rivojlanish asri. Sayohat qilish shulardan biri; bundan 30 yil oldin boshqa davlatga chiqish barchamiz uchun orzu bo'lgan bo'lsa, hozirgi kunda xohlagan vaqtimizda va oson yo'l bilan yer sharining boshqa joylariga qadam qo'ya olamiz. Shu o'rinda til o'rganishga, boshqa davlat madaniyati bilan tanishishga va ish tajribasi bilan almashishga imkon beradigan dasturlarning mavjudligi juda quvontiradi. Shulardan biri Work and Travel dasturi bo'lib, ya'ni boshqa davlatda ishlash orqali sayohat qilish oliy o'quv yurti talabalari uchun ajoyib imkoniyatdir. Yoshlarning deyarli barchasi bu dasturga chet davlat bilan tanishish, til o'rganish, topgan pulga sayohat qilish va ajoyib taassurotlar olish uchun borishadi.
To'liq o'zingizning boshqa davlatda qulay ishlashingizga, turar joy topishingizga va tibbiy sug'urta, viza olishga yordam beradigan kompaniyalar juda ko'p. Bizning davlatimizda bunday idoralarning ko'paygani rostanam juda quvontiradi, bu degani til o'rganib o'zini rivojlantirmoqchi bo'lgan yoshlarning ko'pligining kafolati bo'lsa kerak. Amerika Qo'shma Shtatlarida mashhur Mayami qirg'og'ida dam olishni orzu qilmaydigan inson bo'lmasa kerak, lekin u yerga shunchaki sayyoh sifatida borish ko'p odamning cho'ntagi ko'tarmasligi ham rost. Ammo tajriba almashish dasturlari orqali 2 oy davomida ishlash va 1 oy davlatni aylanib chiqish uchun tengsiz imkoniyat beradi. Insonning shaxs bo'lib shakllanishiga ham dasturning ta'sir etishi ayon, chunki notanish davlat, to'liq tushunmaydigan til va boshqa madaniyatda qandaydir qiyinchilikka uchraganda inson shaxsiy boshiga javobgarlik olishi so'zsiz. Amerika Qo'shma Shtatlarida yashash koeffitsiyenti Qozog'istondan yuqori, shunga bog'liq holda oylik daromad ham ancha ko'proq va yashash darajasi yuqoriroq. Bu degani ishlab yurib sayr qilish uchun emas, balki yangi Apple gadjetlariga, brend buyumlarga pul yig'ish mumkin degani. Rostdan ham ajoyib imkoniyatlarga yo'l ochadigan dastur.
Mening hozirgi kundagi asosiy orzuim — Work and Travel dasturi orqali Amerikaga borish imkoniyatiga ega bo'lish. O'z ko'zim bilan dunyodagi eng ajoyib shaharlarni, mashhur filmlar suratga olingan lokatsiyalarni, eng asosiysi okeanni ko'rishni xohlayman. Til o'rganib qaytish ham asosiy maqsad, chunki ingliz tilini shu tilda so'zlashadigan odamlar bilan o'rgangan yaxshi praktika va til zaxirasining kengayishiga yo'l ochadi. Kichkinaligimdan beri mashhur Nyu-York shahrini ko'rish, Ozodlik haykali yonida rasmga tushish va mashhur HOLLYWOOD yozuvlarini o'z ko'zim bilan ko'rib okeandan esgan mayin shamolni his qilishni orzu qilib kelaman. Shu orzularimga bir qadam bo'lsa ham yaqinlashish uchun ushbu dastur haqida izlanib ko'p ma'lumot yig'ish ustidaman. Hech qachon chet davlatda bo'lmaganim uchun boshimdan sayohat qilishga oid qiziqarli voqealar bo'lmagan, shu sababli bu orzuim 2023 yilda amalga oshsa deb orzu qilaman. Mutaxassisligimni to'liq ingliz tilida o'qiyotganim uchun va magistraturaga chet davlatda kirishni orzu qilib yurganimdan keyin tilni rivojlantirish juda muhim. Shu uchun ingliz tilining atmosferasini his qilib ko'rishni xohlayman.
Dasturning yoshlar uchun va davlat rivoji uchun berari juda ko'p. Faqatgina ish emas, shaxs bo'lib shakllanishga imkoniyat, boshqa el mentaliteti va yaxshi daromad. Kelajakda bizning davlatimiz yoshlariga shunday imkoniyat beradigan dasturlar ko'payadi deb ishonaman.