Hozir va kelajakda
Sayohat. Chet el kezish. Yangi dunyolar, yangi madaniyatlar bilan tanishish. Amalga oshgan orzular. Ajoyib tuyg'u, shunday emasmi? Sayohat qilish insonga haqiqatan ham katta quvonch va ilhom bag'ishlaydi. Dunyoqarashning kengayishi va turli g'oyalarning tug'ilishiga sabab bo'ladigan narsa ham aynan shu – sayohatdir. Inson sayohat davomida yangi tillarni o'rganadi, yangi do'stlar orttiradi va yangi jamiyatga moslashishga harakat qiladi. Borgan mamlakatining tarixiga sho'ng'ib, uning asrlik urf-odatlari bilan tanishadi. Uzoq vaqt davomida kundalik tashvishlardan charchagan insonning tanasiga quvvat berib, ko'nglini tetiklashtiradi. Sayohat qilish insonga chidamli bo'lishni o'rgatadi. Sayohat davomidagi turli kutilmagan vaziyatlar va xavf-xatarlar yo'lovchining sabrini toblab, irodasini charxlashi hammaga ma'lum. Umuman olganda, sayohat qilishning insonning jismoniy va ruhiy holatiga beradigan foydasi juda katta.
Bugungi kunda dunyoning qaysi shahriga bormoqchi bo'lsangiz, eshiklar ochiq. Rivojlanaman, o'qiyman degan inson uchun Garvard yoki Oksfordda o'qish imkoniyati bor. Ishlab, daromad topaman degan kishi dunyoning istalgan burchagidan ish topa oladi. Hozirgi zamon – imkoniyatlar zamoni. Shuning uchun, ayniqsa yoshlik chog'ida ko'plab bilim to'plab, dunyoning turli qirralarini ko'rib qolish mumkin. Buning yorqin misollaridan biri – Work and Travel xalqaro loyihasidir. Ushbu dastur orqali har qanday qozog'istonlik talaba o'z orzusidagi mamlakatga borish imkoniyatiga ega bo'ladi. Va nafaqat borish, balki u yerda uzoq muddat ishlash va sayohat qilish imkoniyati ham bor. Work and Travel dasturining ko'plab afzalliklari mavjud. Bir tomondan, chet ellik do'stlar orttiradi. Hammamizga ma'lumki, Amerika Qo'shma Shtatlariga viza olish har kimga ham nasib qilavermaydi. Ammo ushbu dastur orqali talabalarga viza olish osonroq bo'ladi. Bundan tashqari, loyihada talabalarning xavfsizligi, turar joy va ishga joylashish masalalari to'liq ko'rib chiqilgan. Loyihada ishtirok etayotgan har qanday talaba o'z xohishiga ko'ra ishni tanlab, joylasha oladi. Nafaqat ishlash, balki AQShning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilib, hayotidagi unutilmas xotiralarni qoldirish imkoniyatiga ega.
Umuman olganda, har kimning o'z ko'zi bilan ko'rishni orzu qiladigan chet el yoki shahri turlicha. Men o'z ko'zim bilan ko'rishni istagan joylar juda ko'p. Masalan, tarixga boy Turkiya, texnologiyalari rivojlangan AQSh va boshqa davlatlar. Men Work and Travel dasturida Amerika Qo'shma Shtatlarini tanladim. Bu tanlovni dasturdagi deyarli barcha talabalar tanlaydi desam, adashmagan bo'laman. Chunki AQSh davlati birinchidan, juda rivojlangan davlatlar orasida yetakchi hisoblanadi. U yerdagi yangi texnologiyalar, osmono'par binolar va dunyoga mashhur shaharlar insonning qiziqishini uyg'otadi. Men AQShdagi Nyu-York, Los-Anjeles, Las-Vegas, Vashington kabi shaharlarda bo'lishni istayman. Xususan, Nyu-Yorkdagi «Times Square» maydonini, mashhur «Ozodlik haykali»ni, Vashingtondagi «Oq uy» binosini va Los-Anjelesda joylashgan Gollivudni o'z ko'zim bilan ko'rish, Amerika hayoti bilan tanishib, uning bir bo'lagiga aylanish – mening kichik orzuim. Va men ushbu orzularim yo'lida harakat qilmoqdaman. Umuman olganda, Amerika Qo'shma Shtatlarini tanlashga sabab bo'ladigan narsalar juda ko'p. U yerdagi demokratiya, turli din va millat vakillariga yaratilgan erkinliklar, xizmat ko'rsatish sifatining yuqori darajasi va ko'plab qulay imkoniyatlar u yerga borishga undaydi. Shuningdek, AQShdagi ish haqi bizning mamlakatimizga qaraganda ancha yuqori. Bu ayniqsa qozog'istonlik talaba yoshlar uchun tengsiz imkoniyatdir.
Amerika Qo'shma Shtatlarida men yangi muhit, yangi odamlar bilan tanishaman. Ular bilan do'stlashib, kelajakda ham xat yozishib turishni ko'zlayman. Bundan tashqari, men amerikalik tanishlarimga o'z yurtim Qozog'iston haqida gapirib bermoqchiman. Qozog'istondagi madaniyat haqida so'zlab, ona yurtimning turli xil o'ziga xosliklari bilan ularni qiziqtirmoqchiman. Ularni o'z urf-odatlarimiz bilan tanishtirib, qiziqish uyg'otish mening vatanparvarlik burchlarimdan biri va yagonasi der edim. Shuningdek, men ham ularning yoki boshqa chet eldan kelgan do'stlarimning madaniyati bilan tanishar edim.
Amerika Qo'shma Shtatlarida ishlash menga kelajakda juda katta foyda keltiradi deb o'ylayman. Chunki AQShda ishlash orqali men birinchidan, ingliz tili darajamni ko'tarib, rivojlantiraman. Ikkinchidan, hozirgi kunda ingliz tilini biladigan mutaxassislarga, shu jumladan chet elda bo'lib ko'rgan mutaxassislarga talab juda yuqori. Xalqaro darajadagi kompaniyalar chet tilini mukammal biladigan mutaxassislarga juda muhtoj ekanligi bunga dalildir. AQShda 3 oydan ortiq yashash – men uchun katta hayotiy tajriba bo'lar edi deb o'ylayman.
Xulosa qilib aytganda, Work and Travel dasturi yoshlarning chet elga chiqib, o'z orzulariga erishishlari uchun mo'ljallangan yagona ko'prikdir. Mening bu so'zlarimga har yili AQShga sayohat qilib borayotgan qancha talabalar dalildir. Xudo xohlasa, men ham kelasi yilning yoz oylarida AQShni o'z ko'zim bilan ko'rib, yozgi ta'tilimni unutilmas tarzda o'tkazaman degan umiddaman. Va barcha dastur ishtirokchilariga ham shuni tilayman!


