XXI asr globallashuv davri ekanligi hammaga ma'lum. Shuning uchun zamon bilan hamnafas bo'lish, har bir imkoniyatdan unumli foydalanish har bir ochiq fikrli va intiluvchan yoshning maqsadi bo'lishi kerak. Ayniqsa, dunyo kezib, qulog'i eshitgan, lekin ko'zi ko'rmagan o'zga madaniyatli yurtlar va joylar bilan tanishish har kim uchun orzu.
O'tgan davrlar bilan solishtirganda, ko'pchilik vatandoshlarim chet elga erkin chiqish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Bu quvonarli holat. Biroq, kattalar o'z jamg'armalari hisobidan chet elga chiqa olishsa-da, hali oyoqqa turib ulgurmagan yoshlar uchun bu qiyinroq. Chunki tengdoshlarimning ko'pchiligi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ba'zilariga esa bilim darajasi, ya'ni til bilish darajasi yetishmaydi. Bunday to'siqlarning oldini oladigan, chet elga borishni orzu qilgan yoshlar uchun Work&travel USA dasturi katta imkoniyat yaratmoqda. Work&travel USA dasturi orqali yoz mavsumining uch oyida AQSh xalqi, madaniyati, tarixi, tabiati, turmush tarzi, yashash uslubi va borlig'i bilan to'liq tanishish uchun katta imkoniyat berilgan.
Chet elga borishni orzu qilgan ko'plab yoshlardan biri sifatida, men ham chet el safari bilan qiziqib qoldim. Ilk bor chet elga chiqishning ahamiyati haqida opa-singillarimdan eshitgan edim.
Ikki opam Yevropa davlatiga akademik mobillik dasturi orqali borib kelishgan. O'zgacha taassurotlar bilan qaytgan opalarim ko'rgan-bilganlari bilan bo'lishganda, juda qiziqib qolgandim. Ular «sen ham kelajakda albatta chet elga chiqishing kerak» deb tez-tez aytishardi.
Maktabda o'qib yurganimda Work&travel USA dasturi haqida ko'p eshitganman, biroq o'sha paytda bunday dastur bilan chet elga borish men uchun imkonsizdek tuyulardi. Ota-onamdan uzoqda, buncha vaqt yiroqda bo'lib ko'rmagan men uchun qiyinroq bo'lib ko'ringani rost. «Baribir o'ta olmayman» degan o'zimga ishonchsizligim ustun bo'ldimi, bilmayman, hatto bu dasturda qatnashaman deb o'ylashga ham o'zimga «ruxsat» bermasdim. Keyin talaba bo'lganimdan boshlab, qiziqishim yanada ortdi. Youtube tarmog'idan ushbu dastur haqida videoyozuvlar, xabarlar ko'ra boshladim. Shuningdek, o'tgan yili shu dastur bilan Amerika davlatiga borib kelgan qarindosh akamning Amerikadan olgan taassurotlari qiziqishimni ikki barobar oshirdi. Uning qiziqarli hikoyalaridan keyin, asosan borib kelish mumkin ekan degan xulosaga keldim. Lekin odamni egallab oladigan qo'rquv hissini bilasizlar-ku, dadil qadam tashlatmay, mingta bahona topdiradi. «Universitetdagi darslarim iyun oyining oxirida tugaydi, ikki oyga nima uchun boraman, xarajatini ham qoplay olmayman» degan turli o'ylar chirmab oldi. Keyin universitetimizda bir kurs yuqori o'qiydigan qizning o'qish bilan bog'liq qiyinchiliklarga qaramay, borib kelganini Instagram tarmog'idan ko'rganimdan keyin, dadam va onamga ayta boshladim. Lekin ota-onam erkalatib o'stirgan kenjasini okean ortiga, boshqa qit'aga yuborishga yuraklari dov bermay, «yoningga boradigan odam topsangagina yuboramiz» deb, yolg'iz borishga ruxsat berishmadi. Men dugonalarimni birga borishga ko'ndira boshladim, lekin ular bora olmaydigan bo'lishgach, men dastur orqali AQShni ko'rish maqsadimdan umidimni uzdim. Oradan uch oy o'tdi, men Work&travel haqida unutib ham yuborgandim. Bir kuni kursdosh dugonam Work&travel haqida qayta o'ylaganini va borishni xohlayotganini aytdi. U ota-onasidan ruxsat olganidan keyin, men o'z dadam va onamga dugonam ham borishini aytdim. Ular ich-ichidan meni yuborishga tayyor bo'lmasalar ham, va'dalarida turib, borib kelishimga ruxsat berishdi. Shundan so'ng yonimizga yana uchinchi kursdosh dugonamizni qo'shib olib, dasturda qatnashish uchun shartnoma imzoladik.
Chet davlatlarga borish katta-kichikning orzusi, lekin AQShning o'rni bo'lakdek. Amerika filmlari va teleseriallarining, jahon yulduzlarining, amerikalik erkinlikning ta'siri bo'ladimi, qaysi millat, qaysi davlat fuqarosi bo'lmasin, Amerikaga intilishi «amerika orzusi» so'zining paydo bo'lishiga olib keldi. Men ham kichkinaligimdan amerikalik seriallar va sitkomlarni, filmlarni tomosha qilib, shu yurtni bir ko'rsam-u deb orzu qilardim. Shu orzuimning ro'yobga chiqishiga, nasib qilsa imkoniyat berib turgan Work&travel USA dasturiga cheksiz minnatdorman. El ko'rish, yer ko'rish bilan bir qatorda, mehnat qilib, pul topaman degan maqsadim ham bor. Ishga joylashib, odamlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatish jarayonida ingliz tilida gaplashishni rivojlantirib, so'z boyligimni to'ldirgan bo'lardim. Shu bilan birga ular uchun notanish bo'lgan yurtimning odat-urf, an'analari, milliy naqshlari, tarixi, madaniy-adabiy hayoti, o'ziga xosliklari haqida gapirib, tug'ilgan Vatanim - Qozog'iston degan davlat borligini tanitmoqchiman. Dastur talablaridan to'siqsiz o'tsam, o'zim bilan Qozog'iston shokoladi va qurt-pishloq olib borib, chet elda paydo bo'ladigan yangi do'stlarimga ulashmoqchiman.
Niagara sharsharasi, Disneylend, Garri Potter do'koni, Gollivud yozuvi, «Ozodlik haykali» kabi ajoyib joylar haqida ko'p eshitganman, filmlardan, blogerlardan ko'p ko'rganman va bir kuni boraman deb orzu qilganman. Nasib qilsa o'sha joylarga qadam qo'ysam, o'z ko'zim bilan ko'rsam, hayotimning esda qolarli eng o'zgacha, eng ajoyib davri der edim.
O'z yurtidan minglab kilometr uzoqda uch oygacha o'zing yashashing, rostanam katta mas'uliyat yuklaydi, ulg'aytiradi deb o'ylayman. U yoqdan tug'ilgan Vatanimga omon-eson ajoyib hislar bilan, g'ayrat-shijoat bilan, katta ishtiyoq bilan, yangi maqsad, yangi g'oyalar bilan qaytishni xohlayman. Boshqa yurt madaniyati bilan tanishib, dunyoqarashim kengayib, ingliz tilida erkin gaplashib kelarman degan umidim ham yo'q emas. U yoqdan aqli to'lishgan, bilimi kelishgan, fikri va qarashi shakllangan, orzusi aniq, maqsadi belgilangan, o'ziga ishongan, yangilikka intiluvchan, shijoatli yoshlardan biri bo'lib qaytarman degan o'ziga xos o'yim ham bor.
Bu dasturning mening kelajak kasbim uchun qanday samarasi bor? Hozir men kiberxavfsizlik mutaxassisligini egallamoqdaman. Amerika Qo'shma Shtatlari raqamlashtirish bo'yicha dunyodagi yetakchi davlatlar guruhida. Shuning uchun Amerikadagi mutaxassislarning ilmiy-texnik yutuqlaridan o'rganib, yangi texnologik o'ziga xosliklari, yangiliklari haqida bilimimni kengaytirib, o'z yurtimga foydamni tegizib, hissa qo'shadigan yangi g'oyalar, yangi loyihalar o'ylab kelishni istayman.
Shuningdek, o'z mehnatim bilan mablag' topib, magistraturani Yevropada o'qishga tayyorlaydigan kursga qatnashgan bo'lardim. Kelganimdan keyin mening ingliz tilini egallash darajam bir muncha ko'tarilgani uchun, Yevropada o'qish menga unchalik qiyinchilik tug'dirmaydi deb o'ylayman.
Aytib o'tadigan qiziqarli holat, opamning dugonasi kelajakdagi turmush o'rtog'i bilan shu dastur orqali tanishib, hozir ikkisi kichkina chaqaloqlarini o'stirishmoqda. Albatta, bu mening asosiy orzuim emas, lekin hayotda har xil ssenariylar bo'lishi mumkin-ku.
Menimcha, kelajakda bu dastur butunlay o'zgacha bo'ladigandek. Balki, Work&travel Kazakhstan nomli yangi dastur chiqib, bizning yurtimizni ko'rishga va ishlashga intiluvchi odamlar ko'payar. Balki, Flex dasturi kabi, chet eldagi talaba bilan yozgi ta'tillarni chet elda ishlash bo'yicha almashish imkoniyati yaratilar. Dastur tashkilotchilari chet el universitetlari bilan bog'lanib, talabaning mutaxassisligiga bog'liq qo'shimcha kurslarga, ma'ruzalarga qatnashishga imkoniyat bersa, ajoyib bo'lardi.
Aslida shu dastur bo'yicha ikki oyda AQShni ko'rishga belgilangan mablag' miqdori unchalik qimmat emas, chunki chet elga sayohat qiluvchilarning bir hafta, o'n kunga borganda to'laydiganlari shu mablag' miqdoriga teng. Biroq qimmatchilik zamonida yoshlarning ko'pchiligining bu dasturda qatnashishga imkoni kelavermaydi. «Bir oy ishlasang, xarajatini qoplab olasan» degan gapni eshitamiz. Shuning uchun dasturda belgilangan barcha mablag' miqdorining 50 foizini borishda, borib kelgandan keyin yarim foizini to'lashga imkoniyat berilsa degan taklifim bor. Buning uchun qatnashuvchi har bir fuqaro maxsus shartnoma imzolab, qonun talablarini saqlashi kerak.
Dastur negizida tashkil etilgan ushbu tanlovning o'zi qatnashuvchilarga berilgan juda katta imkoniyat deb bilaman va omadimni sinab, ushbu esse yozuvimni taqdim etganimdan ham o'zgacha quvonchdaman.